Ozodbek Nazarbekovni qiynagan mashhurlik

Bir donishmand: “Mashhurlikka intilish eng kuchli xohishdir. Meni bu xohishdan xalos etgin, qolganlaridan esa o‘zim qutulaman”, degan ekan. Donishmand nimaga asoslanib bu gapni aytgan? Axir, mashhur bo‘lish kimga yoqmaydi? Shuhratga erishish omadmi, baxtmi yoki azob? Kim bilsin, balki birovlar uchun omaddir, yana boshqalar uchun azob! Mashhurlik yukini ko‘tarish esa hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Ozodbek Nazarbekov bugungi san’atimizning mashhur insonlaridan biri. U mashhurlikni qay darajada ko‘tara olayapti? Muxlislarimiz talabi bilan xonandani suhbatga chorladik. Suhbat avvalida esa tahririyatimizga Nazarbekov nomiga kelgan maktublarni egasiga tutqazdik.
— Odatda, muxlislardan kelgan maktublarni o‘qiysizmi?
— Qisman...
— Har doim emas...
— Yo‘q. Barcha maktublarni ko‘zdan kechirib, asosiy — “yozishimdan maqsad” degan joyini o‘qiyman. Qolgan gaplar esa bir xil — “muxlisingizman” degan ma’noda yozilgan bo‘ladi-da...
— Balki maktub egalariga nimadir dersiz?..
— Xabaringiz bor, muxlislarimiz bir enlik xatdan tortib 1111 metru 111 santimetrlik maktublargacha yozishgan. Maktub bitish muammosi o‘zimning ham boshimdan o‘tgan. Akam harbiy xizmatga ketgan vaqtda unga xat jo‘natishim kerak bo‘lardi. Bu esa men uchun tashvishga aylanardi. Bir enlik noma bitish uchun bir hafta tayyorgarlik ko‘rardim. Undan tashqari, nimani yozish kerakligi ham men uchun muammo bo‘lardi. “Undoq qildim, bundoq qildim”, degan gaplar bilan amallab tugatib, akamga jo‘natardim. Akamni sog‘inardim, ammo xat yozishga qiynalardim. Demak, bu shunchaki ish emas-da. Oddiy bir xonanda uchun atayin yuz metrlab maktub bitish, mayli, uning har bir qatoriga so‘z yozilmagan taqdirda ham, shu ishga qo‘l urishning o‘zi katta gap. Shunday muxlislarim borligidan xursandman. Aslida mana shu muxlislar bizning eng yaxshi targ‘ibotchilarimiz. Matbuot, radio-televideniedan ko‘ra ular bizni ko‘proq reklama qilishadi. Ular sizni nima uchun yaxshi ko‘rishini, nima uchun qo‘shig‘ingizni tinglash kerakligini isbotlab berishadi. Televidenie va radioda esa bu imkoniyat yo‘q. Aslida ularga biz haq to‘lashimiz kerak (kuladi).
— Ikki oy ilgari bir gazetada siz haqingizda ma’lumot berildi. Ya’ni: “Ozodbek Nazarbekovning uyiga moddiy yordam so‘rab kelayotganlar ko‘p. Uning o‘zi lifti ta’mirtalab ko‘p qavatli uyda yashaydi...” Mana shu ma’lumot berilgach bir muxlisangiz bizga qo‘ng‘iroq qilib: “Ozodbek Nazarbekov qilayotgan savob ishini ta’na qilyaptimi? Bunday ma’lumotning nima keragi bor?” dedi. U sizdan ranjiganini yashirmadi...
— Bu qilayotgan savobni ta’na qilish yoki kimnidir ranjitish emas. Aslida insonni rozi qilish — ushalmas orzu. Uni rozi qilib bo‘lmaydi. Ammo odamning qo‘li pastda bo‘lishi, bu — tilanchilik! Istang-istamang bu holatni boshqacha ta’riflab bo‘lmaydi. Yetti yot begona, men bilan shaxsiy aloqasi bo‘lmagan, tanimaydigan odam ko‘chada yoningizga kelib o‘z muammolarini ro‘kach qilib, uyalmasdan pul so‘rasa, bu gadoylikmasmikan? Men bilan u odamni nimadir bog‘lab turishi kerakmi? Bu toifa insonlar “Bu haddan tashqari boy, so‘rasam indamay besh yuz ming beradi”, degan tasavvurda kelishadi yoki shu darajada yuzsiz bo‘lishadi! Boshqacha gapirish mumkin emas-da. Qolaversa, ayni paytda hukumatimiz tomonidan kam ta’minlanganlar uchun banklarda kam foizli kreditlar berilyapti. Izlagan imkon topadi. Men nazarda tutayotganlarning o‘zida harakat yo‘q. Ollohga shukurki, men kimga yordam bergan bo‘lsam o‘sha odamning o‘zi va Xudo biladi. Boshqalarning bilishi shart emas.
— Ammo istaysizmi-yo‘qmi, xalqda san’atkorlar badavlat bo‘ladi, degan tushuncha mavjud...
— Yo‘q, nima deb o‘ylagan taqdirda ham... Men hayotim davomida qashshoqlik nimaligini ko‘rganman. Lekin birovga bormaganman. Xudoyim bunday toifadagi bandalarini umrining oxirigacha qo‘lini past qilib qo‘yadi. Payg‘ambarimiz ham bu yo‘ldan qaytarganlar. Ozgina g‘ururi bor odam bu ishni qilmaydi. Mayli, agar: “Hozir shu odam vafot etishi mumkin, yordam bermasang bo‘lmaydi”, deb ko‘mak so‘rab kelsa boshqa gap. O‘lim holatini men tushunaman. Biroq o‘g‘limni oliygohdan haydashdi, qizimni o‘qishga kirgizmoqchiman, deb yoningizga kelishlari... bu odamning to‘rtinchi, beshinchi ehtiyoji-ku, axir... Men buni to‘g‘ri tushunmayman. Institutga kiritishim kerak bo‘lsa, o‘zimning nechta jiyanim bor?! O‘zimnikilar turganda, birov kelib: “Bolamni o‘qishga kiritib qo‘ying”, yoki “pul bering”, deyishsa tabiiy ravishda asabiylashaman. Avval xeshga, keyin darveshga, deyishgan...
— “Emas oson bu maydon ichra turmoq...” Navoiyning bu misrasini hayotingizda qay darajada his qilayapsiz?
— Ming foiz his qilyapman.
— Ya’ni?
— Bilasizmi, kim bilandir bir necha yildan buyon qadrdon bo‘lib, bemalol hazillashib yurasiz. Besh yil oldin sizning hazilingizni ko‘targan odam bugun ko‘tarmas ekan. Vaholanki, o‘shanda ham xuddi shunday, hatto bundan battar holatda munosabatda bo‘lardik. Yo‘q, bugun ana shu gapingiz unga ortiqchalik qilarkan. “E, ko‘tarilib, odamni mensimay qolibsan-da”, deyisharkan. Hatto ularga: “O‘sha paytda shu gaplarni gapirardim, yodingdami?” deb eslatdim ham. Afsuski... Hushyorlikni oshirish kerak ekan. Iloji boricha me’yorni tutib turishga harakat qilyapman. Aslida samimiy hazil bilan suhbatlashgan odamlarimga bugun soxta gapirishga majbur bo‘lyapman.
— Mashhurlik odamni samimiylikdan chiqarib yuborarkan-da...
— Majbur bo‘larkansiz. Kecha bemalol kulib gaplashgan o‘rtog‘im bugun: “Puling ko‘payib qoldimi?” deb malomat qiladi. Natijada oddiy mijozlar bilan gaplashgandek, u bilan ham yasama munosabatda bo‘lyapman. Chunki u mening samimiyligimni qabul qilolmayapti.
— Shunday paytlarda o‘kinib ketasizmi?
— O‘kinaman. Juda afsuslanaman. Hattoki: “E, Xudo, mendan bu mashhurlikni ol. Men bu yukni ko‘tarolmayman”, deyishgacha boryapman. Qiynalib ketdim. Agar bugun birdaniga mashhurlikni yo‘qotsam, xafa bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq quvonardim.
— Hamma mashhur bo‘lishga intilgan bir paytda sizdan bunday gaplarni eshitish...
— Rosti, juda xursand bo‘lardim. Chunki adolatsizlik qilishga majbur bo‘lasiz. “Falonchi, pistonchi aka”larning yuzidan o‘tolmaysiz, qaysidir bir bechoraning burnini qonatasiz. Agar shu akaning gapini qilmasangiz hamma sizdan yuz o‘giradi. Mening vijdonim qiynalyapti! Mening maqsadim boshqa edi. Odamlar mendan foyda topishsin, degandim. Ertaga bu dunyodan o‘tganimdan so‘ng yaxshi gaplar bilan eslashsin, deb tilagandim. Ammo vijdon oldida... Bilasizmi, ilk qadam tashlagan paytingizda ko‘z o‘ngingizda oppoq orzular bo‘ladi. Ammo ana shu orzular cho‘qqisiga yetganda, uning qoraligi ko‘rinyapti...
— Gaplaringiz noshukurlikka kirib qolmasmikan?
— Noshukurlik emas. Odamlarda ilgarigidek insof yo‘q, baribir. Qaysi soha vakiliga bormay, ularning hammasi mening pulim bilan hisoblashishadi. Eng qizig‘i, ular pulimni: “Ie, Ozodbek, ukam”, deb tabassum bilan olishadi.
— Agar oddiy odam bo‘lganingizda?
— Oddiy odam bo‘lganimda kulmasdan olishardi. Bugun esa yuzlarida tabassum...
— Oddiylikni sog‘inibsiz-da?
— Sog‘indim, judayam sog‘indim.
— Bir paytlar: “San’atda olov bo‘lgim keladi”, degandingiz. Nazaringizda, olov bo‘lib yona oldingizmi? Yonyapsizmi?
— Menimcha, yondim. Shu olovda kuyib kulga aylanmasam bo‘lgani... Yana bilmadim, tashqaridan kuzatganlarga ayon.
— Bu dunyoni kimdir “o‘tkinchi, nohaq”, desa, boshqa birov “qaytar dunyo” deb ta’riflaydi. Bu ta’riflar hayotingizda aks etyaptimi?
— Yuz foiz aks etyapti! (alam bilan gapirdi)
— Ozod aka, uzr, ammo shu qadar bezor bo‘ldingizmi?
— Ha, bezdim. Mening qo‘limdan kelmayapti. Masalan, siz menga hamma gapni bemalol gapirish mumkinligini bilasiz. Men haqimdagi tushunchangiz shunga imkon yaratadi. Atrofimdagi do‘stlarim, muxlislarim ham xuddi siz kabi o‘ylashadi. “Bunga hamma narsani gapirish mumkin, u asabiylashmaydi, ko‘taradi”, degan tushuncha bor. Tasavvur qiling, hamma sizga tanbeh beraversa joningizga tegib ketadimi-yo‘qmi? Bularning ostidagi asosiy sabab mashhurlikmi? Ishonasizmi, va’dalarimni vaqtida bajarolmay qolyapman. Hayot majbur qilyapti. Odamlar: “Sen o‘zgarib qolding”, deyishga tushib qolishgan. Shuning uchun, menga bunday mashhurlik kerakmas, deyapman.
— Fe’l-atvoringizni o‘zgartirish...
— Yo‘q, men o‘zgartirolmayman.
— Hayotingizning asosiy qismi qo‘shiqlar yozish, to‘ylarga borish, pul topish bilan o‘tib ketyapti. Yana nima qilishingiz kerakligini his qilyapsiz?
— O‘tgan yili bergan intervyu bilan bu yilgisida balki farq bo‘lishi mumkin. Muxlislar: “O‘tgan yili boshqa gapni aytgandi, bu yil boshqa gap”, deyishar balki. Ammo ayni paytda men uchun eng muhim muammo, bu — oilam, farzandlarim tarbiyasi. San’atkorlarimiz xafa bo‘lishmasin, biroq ayrimlarining oilasidagi tarbiya menga yoqmaydi. Ota o‘z holicha, ona o‘z holicha. O‘zim aytganimdek, ko‘chaga ulgurmayotgan odam uyga qanday ulgursin? Bolalarim tarbiyasiga qanday vaqt ajratishim mumkin? Deylik, bir haftada bir marta ularni ko‘rasiz-da, yana urishsangiz. Bola sizdan xafa bo‘lmaydimi? Mana shu narsa meni qiynab turibdi. Shuni birinchi o‘rinda amalga oshirishim kerak.
— Bu yilgi repertuaringizni kuzatsak, qo‘shiqlaringizning asosiy musiqasi Musaxon Nurmatov tomonidan bastalangan. Odatda, san’atkorlar rang-baranglikka intilishadi. Bir inson bilan ishlash bir xillikka olib kelmaydimi?
— Musaxon Nurmatovning bir o‘zi rang-barang dunyo. Shuning o‘zi menga yetadi.
— Bugun ko‘pchilik xonandalarimiz Musaxon Nurmatov bilan hamkorlik qilishyapti. Milliy ohanglarga e’tibor kuchaygani rost, tan olish kerak. Ammo qo‘shiqlarning musiqasida o‘xshashlik borligini inkor etmassiz?
— Mayli. Biroq eng muhimi, san’atkorlarimiz har bir ishni o‘z ustasi qilgani ma’qulligini tushunib yetishdi. Kuy bastalash alohida kasb, ijro esa alohida. Kimdir kuy bastalab, kuylolmaydi, kimdir kuylab, kuy yaratolmaydi. Shu bois har bir ishni o‘zining egasi qilgani yaxshi. Musaxon Nurmatov bitta emas. Iqbol Muhammadjonov, Dilshod Ahmadshoh singari bastakorlarimiz ham bor. Ular sekin-asta ko‘payib boraverishadi. Ana shundagina rang-baranglik yuzaga keladi. Xonandalarimizning xatosi — ular Musaxon Nurmatovga taqlid qilishyapti. Unga taqlid qilishmas, aksincha, u tayyorlagan qo‘shiqni o‘zining yo‘nalishida kuylash kerak. Va bunday san’atkorlarimiz ham yo‘q emas. Ba’zida qo‘shiqni tinglab, “Nahotki shuni Musaxon Nurmatov qilgan bo‘lsa?” deb qolasiz. Chunki xonanda qo‘shiqni o‘ziniki qilib, o‘z yo‘lida ijro etgan.
— Oxirgi ikki oy ichida siz haqingizda turli mish-mishlar tarqaldi. Kimdir: “Ozodbekni pichoqlab ketishibdi”, desa, kimdir: “Zaharlashibdi”, dedi. Sizni “o‘ldi”ga chiqarishgani qanday ta’sir qildi?
— Hech qanday ta’sir qilmadi. Aslida mish-mish chiqishiga to‘yxonadagi janjallar, xonandaning kim bilandir yoqalashishi sabab bo‘lardi. Ertasiga: “Falonchini pichoqlab qo‘yishibdi”, degan gaplar tarqalardi. Eng qizig‘i, shu ham bo‘lmadi-da. Hech narsa yuz bermadi. Hayronman, bu gaplar qaerdan chiqdi ekan? Balki Xudoyim menga mehribonlik qilib: “Hushyor bo‘l, ko‘zingni och, shunday odamlar bor, ehtiyotkor bo‘lgin”, deb ishora bergandir.
— Dushmanlaringiz borligini his qilasizmi?
— His qilaman. Qaerdadir bo‘lishi kerak. Ammo bu gap-so‘zlar dushmanlarimning ishi emas. Ularga nima naf? Qaytanga Ozodbek Nazarbekovning mashhurligi bir pog‘onaga oshdi.
— O‘tgan yili sizni “Go‘zallik kuychisi” deb ta’riflashgandi. Bu yil esa ayni ta’rifni eshitmadik...
— Bu ta’rif qay ma’noda haqiqatga yaqin? Aslida jurnalistlarning o‘zidan chiqqan gap bu. Qanday chiqqan bo‘lsa shunday yo‘q bo‘ldi. Men uchun bu ta’rifning qizig‘i yo‘q. Agar shu atamaga erishish uchun harakat qilganimda, ta’sir qilardi. Kecha aytishgani ham, bugun gapirmagani ham meni qiziqtirmaydi.
— Aslida nima deb ta’rif berishlarini istardingiz?
— Ozodbek Nazarbekov!
— Bir donishmand: “Shunday yashaginki, seni ko‘mayotganda hatto go‘rkov yig‘lasin”, degan ekan. Sizningcha, yaxshi inson qanday bo‘lishi kerak?
— Yaxshi insonlar... Bu dunyoda yaxshi bo‘lish qiyin. Oson ish emas, mumkinmas hatto. Bu dunyodan hammani rozi qilib ketish mushkul. Ammo insoniylik chegarasida yaxshi bo‘lish lozim. Butun olam malomat qilib turgan taqdirda ham insondan talab qilinadigan me’yorlar mavjud. “Haddingdan oshma”, deyishadi-ku... Kimning ko‘zi bilan qaramang, shu me’yorlarni ko‘rasiz. Ana shu me’yorni bilib yashagan odam yaxshi inson bo‘ladi.
— Xatolaringizni hurmat qilasizmi?
— Hurmat qilish kerak. O‘sha xatolar sizni to‘g‘rilab qo‘ygan bo‘lsa. Kelajakda sizni tuzatishga zamin yaratgan xatolar bo‘ladi. “E, to‘xta, bir marta bu ishni qilgansan”, deb o‘zlariga eslatib turishadi.
— Shu paytga qadar o‘ylaganmisiz, eng katta xatoingiz nimada?
— (o‘ylanib) Ko‘ngilchanligimda. Ko‘p pand yeyman. Ayniqsa, bugungi odamlar ko‘ngilchanligingizni suiiste’mol qilishga harakat qilishadi.
— Bag‘ritosh bo‘lishingiz mumkinmi?
— Yo‘q, qo‘limdan kelmas ekan.
— Ota-onangiz haqidagi eng birinchi ta’rif?
— Mehribon va g‘amxo‘r.
— Ozodbek Nazarbekov o‘n yildan keyin...
— O‘n yildan keyinmi? Xudo xohlasa, nevarali bo‘lib, nevaralarini qo‘lidan ushlab, bog‘chaga olib chiqadigan bobo bo‘ladi (kuladi).
— Kecha, bugun, ertaga. Qanday ta’rif berasiz?
— Kecha, bugun, ertaga... Hayotni tushunaman. Inson tug‘ilgandan o‘limigacha bo‘lgan davr. Kechagi kunimizni bugun sarhisob qilamiz, bugunning eng afzal jihatlarini ertaga olib qo‘yamiz...

To`liq o`qish... Sharxlash 28.10.2006

Ozoda Nursaidovaning muxlislari diqqatiga! Tez orada sizlar Ozoda Nursaidova bilan qilingan suhbatni o'qishingiz mumkin!