BAXTLI OILA

Qaerdadir, qachonlardir baxtli oila yashagan ekan...
Ota — Nikolay Sergeevich. Ona — Nina Petrovna. — Bobo — Pyotr Ivanovich. — Buvi — Aleksandra Fyodorovna. Va bir qiz, bir o‘g‘il — Mishutka va Dashutka...
Bu oila shu qadar omadli ediki, hamma ularga hasad qilardi. Qarindoshlar hasad qilishardi, qo‘shnilar hasad qilishardi, tanishlar hasad qilishardi. Qandaydir begona odamlarga shu oila haqida gapirishsa, ular ham hasad qila boshlashardi.
To‘g‘ri-da, qanday hasad qilishmasin?..
Bobo bo‘lmish Pyotr Ivanovich urush nogironi. Varshava ostonasida oyog‘idan ayrilib qaytgan. Shuning uchun unga navbati bilan goh botinka, goh tikuv mashinasini tekinga berishadi. Buvi Aleksandra Fyodorovna ham birinchi guruh nogironi. Har haftada oziq-ovqat tashlab ketishadi. E, mayonez deysizmi, sariyog‘ deysizmi, hamma narsa berishadi unga.
Oila otasi Nikolay Sergeevich esa, tubdispanserda ro‘yxatda turadi. Har yili bir oyga sanatoriyga qatnaydi. Toza havo, tekin ovqatlar, muolaja...
Ona Nina Petrovna ham omadli. U gaz ishlab chiqariladigan qandaydir korxonada ishlaydi. Har kuni bir litrdan serqaymoq sut berishadi. Istasa o‘zi ichsin, istamasa, kartoshkagami, yo shunga o‘xshash narsaga almashtirib yuborsin...
Mishutka tug‘ilgandanoq Dauna degan kasal bilan og‘riydi. U maxsus internatda yashaydi. Yegani oldida, yemagani ketida. Faqat dam olish kunlarigina uyga olib ketishadi.
Dashutka ham hali juda kichkina bo‘lishiga qaramay, qand kasalini orttirib olgan. O‘zingizga ma’lum, kimning qand kasali bo‘lsa, o‘sha odamga haftasiga ikki kilodan grechka berishadi...
Qarang, shunday omadli oilaga hasad qilmay bo‘larkanmi?.. Nima ham derdik? Omadli odamlar ham ko‘p-da dunyoda!..

Keyingi hajviya ... Sharxlash 10.06.2006

SIGIRLAR VALSI

Fermamizga yaqindagina mudir etib tayinlangan yigit hali yosh, navqiron, izlanuvchan.
U kelgan kunidan boshlab ota-buvalarimiz qo‘llab ketgan usullardan voz kechib, zamonaviy yo‘l bilan sigir boqishni afzal ko‘rdi. Jurnallardan birini varaqlab o‘tirsa, fermada estetikaga e’tibor berilishi lozimligi haqida yozishibdi. Darrov fermada ish qizib ketdi. Devorlar turli ranglarga bo‘yab chiqildi. Sigirlar turadigan xonalarga gilam to‘shaldi. Judayam chiroyli chiqdi. Bir ko‘rsangiz edi. Hozir sigirlar xuddi teatrda yurgandek yurishadi. Devorlardagi turli bo‘yoqlarga termulib to‘yishmaydi.
Ammo baribir kam sut berishayapti...
Mudir yana bir jurnalni varaqlab ko‘rdi. Fermada chet el daraxtlarini o‘stirish foyda berarmish. Ko‘z ochib yumguncha fermamiz hovlisiga palma, kaktuslarni o‘tqazib tashladik. Chiroyli chiqdi. Sigirlarimiz maza qilishayapti. Palmalarning barglarini yeb ko‘rishayapti.
Ammo yana kam sut berishayapti.
Mudir toqati toq bo‘lib uchinchi jurnalni varaqladi. Mumtoz musiqa sigirlarga yoqarkan. Shunday yozishibdi. Fermani radiolashtirdik. O‘rtaga pianino o‘rnatdik. Har kuni simfonik orkestr ijro etgan kuylardan qo‘yib qo‘yadigan bo‘ldik. Bundan tashqari tez-tez san’atkorlarni taklif etib, sigirlarimiz uchun maxsus jonli ijrolar tashkil etdik. Chiroyli chiqdi. Sigirlarimiz xuddi filarmoniyada yurgandek kerilib qadam tashlaydigan bo‘lishdi.
Biroq sutlari ko‘paymadi.
Ana endi mudirning rostakamiga jahli chiqib ketdi. Hamma narsani yig‘ishtirdi-da, ota-buvalarimiz qo‘llagan usulni qo‘llay boshladi. Ya’ni, oxurlarga bedami, o‘t-o‘lanmi, ishqilib, sigirlar nimani xush ko‘rib yeyishsa, hammasini to‘ldirib tashladik...
To‘g‘ri, hozir sigirlarimiz juda zerikishayapti. Indamasdan oxurdagilarni yeb turishibdi. Oldidan o‘tib qolsangiz, mo‘ltira-ab qarab qolishadi...
Ammo sutlari ancha ko‘payib qoldi.

Keyingi hajviya ... Sharxlash 10.06.2006

Ozoda Nursaidovaning muxlislari diqqatiga! Tez orada sizlar Ozoda Nursaidova bilan qilingan suhbatni o'qishingiz mumkin!

Hosted by uCoz